Audio   Animaciya   Atamalar   Foto jamlanma   Video   Test va oyn   Mualiflar 

       Mundarija
Adabiyot - soz sanati
Hikmat durdonalari
 Topishmoqlar
 Imom al-Buxoriy
 Ezop
Ertaklar olamida
Bolalikning begubor olami
Mumtoz adabiyot bostoni
Vatanni sevmoq iymondandir
Oquv reja va dastur


 
IMOM AL-BUXORIY
  
Chop etish uchuv versiyasi


Imom al-BUXORIY  (810-870)

Imom al-Buxoriy islom dunyosining eng mashhur kishilaridan. U kishini «muhaddislar imomi» deydilar. Muhaddis  «hadis biluvchi», «hadis aytuvchi» degani. Hadis esa payg’ambarimiz so’zidir. Bundan chiqadiki, u kishi payg’ambarimiz so’zlarini yig’gan, o’rgangan, aytgan allomadir. Namoz jamoa bo’lib o’qilganda, oldindagi boshlab boruvchi imom bo’ladi. Demak, Buxoriy barcha muhaddis laming eng oldingi qatorida turgan, hammalari tomonidan tan olingan ustozidir.
Islomda islomiy yashash va o’zaro muomala qilishning bosh kitobi Qur’oni karimdir. Qur’oni karim payg’ambarimizga vahiy qilib yuborilgan. «Vahiy» degani Alloh taoloning o’z sevgan bandasi diliga o’z so’zlarini, ya’ni ilohiy so’zlarni solishidir. Shuning uchun ham Qur’oni karimning yana bir nomi Kalomi Allohdir, ya’ni Alloh so’zlaridir. Uni xalq orasida «Kalomulloh» deydilar.
Hadislar Qur’oni karimdagi oyatlarni tushuntiradi, sharoitga tatbiq etadi. Shunga ko’ra, ular o’z ahamiyati jihatidan Qur’oni karimdan keyingi eng muhim qo’llanmalardir.
Hadislami yig’ish payg’ambarimiz davrlaridan boshlangan. Lekin vaqt o’tishi bilan ularni saralash, ishonchlilarini ishonchsizlaridan ajratib olish qiyinlashib borgan. Islomni obro’sizlantirish, musul-monlarni chalg’itish uchun uning dushmanlari soxta hadislar to’qib tarqatganlar. Shuning uchun bu hadislarning kim tomonidan aytilganligiga va ulaming shaxsiga alohida e’tibor berilgan.
 
Hadisshunoslik
degan fan hadislarning «sahih» (ishonchli)larini «nosahih» (ishonchsiz)laridan ajratish bilan shug’ullangan.
Payg’ambarimiz so’zlari - hadislar roviylardan yig’ilgan. «Roviy» ma’lumot beruvchi, aytuvchidir. Roviylar asosan ikki xil bo’lgan: sahobalar, tobeinlar. Sahoba deb payg’ambarimizni ko’rgan va u kishi bilan suhbatda bo’lganlarga aytilgan. Tobeinlar esa, payg’ambarimizni emas, sahobalarni ko’rib, ulardan eshitganlarini aytuvchilardir. Hadis ikki qismdan - sanad va matndan tashkil topgan. Sanad - payg’am­barimiz so’zlarining qachon, qanday sharoitda, kimlar huzurida aytilganligi hujjati bo’lsa, matn uning mazmunidir. Imom al-Buxoriy mana shunday hadis ilmining Buxorodan yetishib chiqqan va butun dunyoga shuhrat taratgan allomasi edi.
U kishining hayot yo’llari ham ibratlidir.
Imom al-Buxoriyning ismi - Muhammad, otasining ismi - Ismoil bo’lib, 810- yilning 21- iyunida Buxoro shahrida tug’ildi. Otasi Ismoil Buxoriy ham muhaddis edi, goho tijorat bilan shug’ullanardi. Lekin juda halol, xudojo’y odam edi. Zamondoshlari, uning xonadoniga mehnatsiz topilgan biror dirham ham pul kirgan emas edi, deb yozadilar.
Onasi ham diyonatli, qalbi Allohda, qo’li duoda yuruvchi pokiza ayol bo’lgan. Aytishlaricha, Muhammadning ko’zi yoshligida jaro-hatlanib, ojizlanib qoladi. Tabiblarga qaratadilar, foyda bermaydi. Bir kuni ona tush ko’radi. Ibrohim alayhissalom unga qarata: «Ey volida, duolaring sharofatidan Alloh o’g’lingga ko’rish ne’matini qaytardi!» -deb xitob qilayotganmish. Cho’chib uyg’onib, o’g’lidan xabar olibdi. Muhammadning ko’z-qaroqlarida nur o’ynardi.
Imom al-Buxoriy mana shunday oilada o’sdi. Otasi erta vafot etganidan, tarbiyasida onasining xizmati katta bo’ldi. Kichkinaligidan hadis ilmiga ko’ngil qo’ydi. O’n yoshlaridan o’z zehni va yod olish quwati bilan ustozlarini shoshirib qo’ya boshladi. O’n olti yoshida minglab hadislarni yod bilar, ularning «sahih» - «nosahih»ligini birma-bir isbot qilib bera olar edi. U bular bilan cheklanmadi. Kesh bi­lan Marvdan Makka-yu Madinagacha, Balx bilan Hirotdan Bag’dod-u
Basragacha, Nishopurdan Misr va Shomgacha yurtma-yurt, shaharma-shahar kezib, ilm o’rgandi, o’zi aytganidek, «mingdan ortiq ishonchli ulamodan hadis yozib oldi». Qanchadan qancha mashhur muhaddislar bilan uchrashdi, sahobalar va tobeinlaraing hayot sanalarini birma-bir tekshirib, ularning har bir hadisini Qur’oni karim oyatlariga va payg’ambarimiz hayotlariga solishtirib chiqdi.
Bularning samarasi sifatida bizga yigirmadan ko’proq asar qoldirdi. Buyuk alloma mehnatining naqadar kattaligini tasawur qilish uchun birgina ma’lumotni keltirish bilan cheklanamiz. U yolg’iz «Al-jome’ as-sahih» (Ishonchli to’plam) kitobi ustida 16 yil ishlagan. Unga kiritil-gan 7397 hadis 600 ming hadisning ichidan saralanib olingan.
O’z aql-u zakovati va tinimsiz mehnati bilan olis yurtlarda beqiyos shuhrat topgan, «muhaddislar imomi», «muhaddislar sultoni» unvonlarini olgan al-Buxoriy nihoyat, ona yurtiga, Buxoroga qaytadi. Biroq ona Buxoroda u, afsuski, o’ziga munosib qadr topmaydi. Bir voqea yuz beradi-yu, u kindik qoni to’kilgan shahrini tark etadi. Bu voqea shunday edi:
Shu yillari Buxoro amiri bo’lib turgan Xolid ibn Ahmad al-Buxoriy huzuriga ilm olish maqsadi bilan dunyoning turli tomonidan kelayotgan odamlar oqimini ko’rgach, u ham bolalarini o’qitmoqchi bo’ladi va olimga chopar yuborib, saroyiga kelib, ularga dars berishini buyuradi. Imom al-Buxoriy amir chopariga «Men ilmni xor qilmayman, uni hukmdorlar eshigiga olib bormayman», - deb javob beradi. Amir yana chopar yuboradi, u holda bolalari uchun maxsus vaqt ajratib, boshqalarsiz alohida saboq berishini talab qiladi. Buyuk olim yana rad etadi. Ilm olmoqlik Rasululloh sunnati ekanligini, shunga ko’ra, hamma tengligini, ilm kerak bo’lsa amir va uning bolalari uning uyiga yoki masjidga borishlari mumkinligini aytadi. Xullas, ora buziladi. Imom al-Buxoriyning Buxoroda turishi qiyin bo’lib qoladi.
Imom al-Buxoriy hayotining so’nggi yillari Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog’ida kechdi. U 870- yilning 31- avgustida vafot etdi. Qabri o’sha yerda, hozirgi Samarqand viloyati Payariq tumani Xar­tang qishlog’idadir.
Buyuk bobomiz to’plab, saralab bergan minglab hadislar mana, necha asrdirki, avlodlar uchun qo’llanma va yo’llanma bo4lib keladi. Mumtoz adabiyotimizning juda ko’p namunalari, minglab she’rlar, yuzlab dostonlar payg’ambarimiz so’zlari va amallaridan ilhom va oziq olib maydonga kelgandir. Hadislar sharhiga bag’ishlangan asarlarning esa sanog’iga yetib bo’lmaydi.
Quyida Imom al-Buxoriy kitoblaridan olingan ayrim hadislar bilan tanishasiz. Ular hayotning xilma-xil masalalariga doir ko’rsatmalardir. Masalan, dastlabki hadisda salom bermoqlikning g’oyat muhim xislat ekanligi uqtirilmoqda. Ahamiyatiga ko’ra ochga taom bergan bilan teng qo’yilmoqda. Ovqat ochni o’limdan asraydi. Salom-chi? Salom o’sha odamga tinchlik, omonlik tilamoqdir. Bu esa xayrixohlik - boshqalarga yaxshilik istamoq bo’ladi. Atrofdagilarga yaxshilik istamoq odamgarchilikning, musulmonlikning belgisidir. Demak, bir kishi ikkinchi kishiga salom berganida, u o’zida odamgarchilikni asragan bo’ladi. Bunday ibratlar keltirilgan hadislarning har birida bor.
 
HADISLAR
(«Al-jome’ as-sahih»dan)
SALOM BERISH ISLOM AMALLARIDANDIR
Sahoba Ammorl aytganlar: «Uchta xislatni o’zida mujassam qilgan kishining iymoni mukammal bo’lg’aydir:
insofli va adolatli bo’lmoq;
barchaga salom bermoq;
kambag’alligida ham sadaqa berib turmoq».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir kishi so’radi: «Islomda eng yaxshi xislatlar qaysidir?» Dedilar: «Ochlarga taom bermoqlik, tanigan va tanimaganga salom bermoqlik».
1 Ammor ibn Yosir (564—657) - Hazrati Alining yordamchilaridan, sahoba.
2 Rasululloh - Allohning elchisi, payg’ambar.
3 Sollallohu alayhi vasallam - payg’ambarimizning haqlariga aytilgan duo.
G’AZABNI BOSMOQ HAQIDA
Alloh taoloning shu xususdagi qavli: (Alloh) gunohi azimlardan va fahsh ishlardan o’zini olib qochuvchilami... va gazablangan taqdirda ham kechira oluvchilarni... tanglikda ham, mo’lchilikda ham xayr-ehson qiluvchilarni, g’azabini yutuvchilarni, odamlarning gunohlarini o’tuvchilarni... (yaxshi ko’rgaydir). Darhaqiqat, «Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadi».
Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birovni (kurashib) yiqitgan polvon ermas, balkim gazablangan vaqtida jahlini yutgan odam polvondir!» - dedilar»... «Bir odam Rasu­lulloh sollallohu alayhi vasallamga: «Menga nasihat qilingiz!» - deb erdi. Janob Rasululloh: G’azablanmag’il» - deb bir necha bor aytdilar».
YETIM BOQQAN ODAMNING FAZILATI
Sahl ibn Sa’d rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men va yetimning kafilini olgan odam ikkimiz jannatda yonma-yon yashaymiz», - deb ko’rsatkich va o’rta barmoqlarini juft qilib ko’rsatdilar».
ILMNING FAZILATI TO’G’RISIDA
Alloh taolo oyati karimasida: «Alloh taolo sizlarning orangizdagi iymon keltirganlarni va ilmni yuksaltirganlarni bu dunyoda yarlaqab, martabasini ulug’ qilg’aydir, oxiratda jannatga kirmoqlikni nasib etgusidir, Alloh taolo qilayotgan ishlaringizdan xabardordir», -deyilgan. Yana boshqa oyati karimada esa: «Yo Rabbiy, ilmimni ziyoda qilg’ay sen, deb ayt!» - deyilgan.
Qavl - so’z.
ALLOHNING ILM TO’G’RISIDA NOZIL QILGAN KALOMI
Alloh taolo oyati karimasida: «Yo rabbiy, ilmimni ziyoda qilg’aysen, deb so’ra!» - deydi.
ILM O’RGANMOQ VA ILM O’RGATMOQNING FAZILATI
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Alloh taolo menga yuborgan hidoyat (Alloh taolo bandalariga ko’rsatgan to’g’ri yo’l, yo’llanma) singari ilm ham ko’p yog’gan yomg’irga o’xshaydi. Ba’zi yer sof, unumdor bolib, yomg’irni o’ziga singdiradirda, har xil o’simliklar va ko’katlarni o’stiradir va ba’zan yer qurg’oq, qattiq bo’lib, suvni emmasdan o’zida to’playdir, undan Alloh taolo bandalarini foydalantirgaydir. Odamlar suvdan ichgaydirlar, hayvonlarini va ekinlarini sug’orgaydirlar. Ba’zi yer esa tekis bo4lib, suvni o’zida tutib qolmaydir, ko’katni ham ko’kartirmaydir. Bularni quyidagicha muqoyasa qilish mumkindir: Bir kishi Alloh ilmini (islomni) teran ’rganadir, teran tushunadir va undan manfaatlanadir va Alloh yuborgan hidoyatni o’zi o’rganib, o’zgalarga ham o’rgatadir. Ikkinchi bir kishi ilm o’rganib, odamlarga o’rgatadir. Ammo o’zi amal qilmaydir. Uchinchi bir kishi mutakabbirlik qilib, o’zi ham o’rganmaydir, o’zgalarga ham o’rgatmaydir. Bulardan birinchisi mo’min, ikkinchisi fosiq, uchinchisi kofirdir».
YAXSHI MUOMALA QILINMOG’IGA KIM HAQLIROQ?
Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Yo Rasululloh, mening yaxshi muomala qilmog’imga kim haqliroqdir?» - deb so’radi. Janob Rasululloh: «Onang!» - deb aytdilar. U: «Yana kim?» - deb so’radi. Janob Rasululloh: «Onang!» - dedilar. U: «Yana kim?» - dedi. Janob Rasululloh: «Onang!» - dedilar. U: «Yana kim?» - deb so’radi. Janob Rasululloh (bu safar): «Otang!» - deb javob qildilar».
!Abu Hurayra - sahoba, 676- yilda vafot etgan.
 
ODAM OTA-ONASINI HAQORAT QILMAYDI!
Abdulloh ibn Amri rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odam qiladirgan gunohi azimlardan biri - ota-onasini haqorat qilmoqdir!» - dedilar. Shunda: «Yo Rasululloh, odam o’z ota-onasini qanday qilib haqorat qilmog4i mumkin?!» - deyishdi. Janob Rasululloh: «Birovning ota-onasini so’kkan odam o’z ota-onasini haqorat qilgan bo’lur», - deb javob qildilar».
QARINDOSHLARIGA MEHR-OQIBATLI ODAMNING RIZQI ULUG’ BO’LMOG’I HAQIDA
Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kimki rizqim ulug umrim uzoq bo’lsin desa, qarindosh-urug’lariga mehr-oqibatli bo’lsin!» deganlarini eshitganmen», - deydilar.
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki rizqim ulug’, umrim uzun bo’lsin desa, qarindosh-urug’lariga mehr-oqibatli bo’lsin!» - deganlar».
BARCHA ISHDA XUSHMUOMALALIK DARKORLIGI HAQIDA
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari - Oysha razi­yallohu anno Urva ibn az-Zubayrga bunday deb aytib bergan ekanlar: «Bir to’da yahudiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirib: «As-somu alaykum!» (ya’ni, «Sizga o’lim!») -dedi. Men ularning gapini anglab: «Va alaykumu -solom va-l-la’na!» (ya’ni, «Sizga ham o’lim va la’nat!») - dedim. Janob Rasululloh: «Yo
1 Abdulloh ibn Amr - sahobalardan biri.
2 Raziyallohu anhu - mazkur sahoba haqiga aytilgan duo.
3 Anas ibn Molik - sahobalardan biri.
Oysha, shoshmay turg’il! Alloh taolo barcha ishda xushmuomalalikni yoqtirg’aydir», - dedilar. Men: «Yo Rasululloh, ularning nima deganini eshitmay (anglamay) qoldingiz!» - dedim. Janob Rasululloh: «Sizlarga ham, dedim-ku, axir!» - dedilar».
KIBR HAQIDA
Horisa ibn Vahb al-Huzo’iy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollal­lohu alayhi vasallam: «Ahli jannat kimlar ekanligin aytaymi?» -dedilar-da, odamlardan javob kutmay: «Har bir zaif va bechorahol odamdir, u gar Allohni o’rtaga qo’yib qasam ichg’aydir, so’zsiz ustidan chiqg’aydir», - dedilar, so’ng: «Ahli do’zax kimlar ekanligin (ham) aytaymi? Har bir qo’pol, quruq gerdaygan, beqanoat va dimog’dor odam ahli do’zaxdir», - dedilar».
BOLAGA RAHMDILLIK QILMOQ, UNI O’PIB QUCHOQLAMOQLIK HAQIDA
Sobit Anasdan naql qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ibrohimni qo’llariga olib o’pdilar, hidladilar».
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari bo’lmish Oysha onamiz Urva ibn az-Zubayrga bunday deb aytgan erkanlar: «Bir ayol ikki qizalog’ini yetaklagan holda huzurimga tilanchilik qilib keldi. U yoq bu yoqni qarab bir dona xurmodan bo’lak hech narsa topolmadim. O’sha xurmoni unga berib erdim, o’zi yemay ikki qizalog’iga bo’lib berdi. So’ng, o’rnidan turib chiqib ketdi. Shu asnoda Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirib kelgan erdilar, bo’lgan voqeani aytib berdim. Janob Rasululloh: «Kimki ana shunday qizaloqlarga muruwat qo’lini cho’zg’ aydir, ular uni do’zax otashidan par da bo’lib to’sib turg’aydirlar», - dedilar»...
Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir qancha asirlarni olib keldilar. Ularning ichida bir ayol ham bo’lib, o’z oralaridan biror
go’dakni topib olsa, darhol uni bag’riga bosib emizar erdi. Janob Rasululloh (buni ko’rib) bizga: «Nima deysizlar, anavi ayol o’z bolasini o’tga tashlay olg’aymi?» - dedilar. Biz: «Yo’q, aslo, tashlay olmas!» - dedik. Shunda janob Rasululloh: «Alloh taolo o’z bandalariga bolasiga mehribonchilik qilayotgan manavi ayoldan ham mehribonroqdir!» - dedilar («Insonki, o’z bolasini o’tga tashlay olmas erkan, Alloh taologa ham o’z bandasini do’zax o’tiga tashlamoqligi g’oyat og’irdir»).
ILM-U HIKMATNIORZU QILMOQ
Hazrati Umar raziyallohu anhu bunday deganlar: «Boshliq bo’lmasingizdan awal ilmni chuqur o’rganing! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari yoshlari ulg’ayganda ham ilm o’rganganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ikki narsadan o’zgasiga hasad qilmoq joiz ermas, biri - kishiga Alloh taolo halol mol-dunyo bersa-yu, uni haq yo’lida sarflayotgan bo’lsa, ikkinchisi - kishiga Alloh taolo ilm-u hikmat ato etsa-yu, u shu tufayli oliy maqomga eri-shib, hukm surayotgan, odamlarga bilganini o’rgatayotgan bo’lsa», -deganlar».
QARINDOSHLARIGA ZAKOT BERMOQ HAQIDA
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qarindoshlariga zakot bergan odamga ikkita savob tekkaydir - biri qarindoshlariga oqibat qilgani uchun, ikkinchisi - zakot bergani uchun», - dedilar...
MO’MINLARNING BIR-BIRLARIGA KO’MAKLASHMOQLARI (LOZIMLIGI) HAQIDA
Alloh taolo: «Yaxshilikka ’ bergan kishi yaxshi nasiba olg’usidir, yomonlikka ’ bergan kishi yomon nasiba olg’usidir! Alloh hamma narsaga qodirdir!» - deydi.
Abu Muso rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasal-lam, agar biror gado yoki hojatmand kishi huzurlariga kirib kelsa: «Ko’mak qilingiz, savob topg’aysiz! Alloh taolo o’z rasulining tilidan uning istagan narsasini ayttirib, hojatini chiqarg’aydir!» - de­dilar.
MEHMONNING MEZBONGA: «SEN YEMAGUNINGCHA MEN HAM YEMAYMAN», DEB AYTMOG’I HAQIDA
Abdurahmon ibn Abu Bakr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Otam) Abu Bakr bir mehmonni (yoki mehmonlarni) uyga olib keldilar. O’zlari ersa janob Rasulullohning huzurlariga ketib, o’sha yerda ancha vaqt ushlanib qoldilar. Qaytib kelganlaridan so’ng, onam: «Bu kecha mehmoningizni (yoki mehmonlaringizni) intizor qilib qo’ydingiz-ku!» - dedilar. Otam: «Ularni ovqatlantirmadingmi?» -deb so’radilar. Onam: «Ularning oldiga ovqat qo’yib erdik, yeyish-madi», - deb javob berdilar. (Otam) Abu Bakr g4azablanib so’kindilar va ta’blari tirriq bo’lib: «Men ovqat yemayman!» - deb qasam ichdilar. Shunda men bir joyga berkinib olgan erdim, otam: «Ey nodon, qayerdasan?» - deb chaqirdilar. Onam: «Siz ovqat yemasangiz, men ham yemayman!» - dedilar. Mehmon (yoki mehmonlar) ham otam ovqat yemagunlaricha ovqat yemasligini (yemasliklarini) bildirib, qasam ichdi. Shundan so’ng otam: «Bizni shayton vasvasa qilayotgan ko’rinadir», - dedilar-da, ovqatni olib kelishni buyurdilar. O’zlari ham ovqat yedilar, mehmonlar ham yeyishdi. Shunda, idishdagi ovqat, ular qancha yeyishmasin, kamayish o’rniga tobora ko’payib borardi. Buni ko’rib otam: «Ey Baniy Firosning singlisi, nechun bunday bo’layotir?» - dedilar. Onam: «Ko’zlarimga ishongim kelmaydir, yemasimizdan ilgari bunchalik ermas erdi, juda ko’payib ketibdir!» -dedilar. Hamma ovqatdan to’yguncha yedi, undan janob Rasulullohga ham yuborishdi. Aytishlaricha, payg’ambarimiz ham ’sha ovqat­dan tanovul qilibdilar».
 
RIYO VA SHUHRATPARASTLIK HAQIDA
Jundub raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimda-kim xayrli ishlarini shuhrat topmoq niyatida ovoza qilg’aydir, Alloh taolo ham qiyomatda uni sharmanda qilib, ovoza qilg’aydir, kimda-kim xayrli ishlarini odamlar meni ’rib qo’ysinlar deb ko’z-ko’z qilg’aydir, Alloh taolo ham qiyomatda uni barcha bandalari o’rtasida izza qilg’aydir», - dedilar».
ZOLIM KIMDIR?
Alloh taolo: «Alloh taolo nozil qilgan yo’l-yo’riqlarga muvofiq hukm qilmaydirganlar - zolimdurlar!» - deydi.
 
 
Savol va topshiriqlar
«Hadis» nima? «Muhaddis»~ehi? Ular haqida nimalar deya olasiz? «Muhaddislar imomi» deganda nimani tushunasiz? Bunday yuksak unvonga kim sazovor bo’lgan?
Hadislarni yozish va yig’ish qachondan boshlangan? «Sahih»-«nosahih» hadislarni tushuntirib bera olasizmi?
Imom al-Buxoriyning vatani, o’qish yillari haqida gapirib bering. Mashhur muhaddisning ota-onasi to’g’risida qanday ma’lumotga egasiz?
Imom al-Buxoriy hayotining so’nggi yillari haqida so’zlab bering. Nega u Samarqand yaqinida dafn qilingan?
«Al-jome’ as-sahih» kitobi haqida ma’lumot bering.
«Salom berish islom amallaridandir» hadisini o’qib ehiqing va payg’ambarimizning eng yaxshi xislatlar haqidagi flkrlarini tushun­tirib bering.
«Dm o’rganmoq va o’rgatmoqning fazilati» hadisidagi ilmning yomg’irga o’xshatilishini tushuntirib bera olasizmi?
Yuqoridagi hadislardan ilm haqidagilarini ajratib oling va ular haqida gapirib bering.
 
 
HADIS HAQIDA TUSHUNCHA
Hadis - islom dinida Qur’ondan keyin turadigan ikkinchi muqaddas manba bo’lib, Muhammad alayhissalomning hayoti va faoliyati, uning diniy va axloqiy ko’rsatmalarini o’z ichiga oladi. Muhammad payg’ambar biror gap aytgan, biror ish qilib ko’rsatgan yoki boshqalar qilgan biron-bir ishni ’rib turib, uni man etmagan bo’lsa, ana shu uch holat sunnat hisoblanadi. Ana shunday xatti-harakatlar yoki ko’rsatmalar hadis deb yuritiladi. Hadislarda islom dinining qonun-qoidalari bilan birgalikda insoniy fazilatlar ham keng tashviq qilinadi, insoniylik sha’niga dog’ tushiradigan yomon sifatlar qoralanadi. Ya’ni, hadislarda o’zaro do’stona munosabatlar, qarindosh, ota-ona va farzandlarning haq-huquqlari, mehr-oqibat, halollik, poklik, adolat, insof-tavfiqli bo’lish targ’ib qilingan. Razolat, kibr-u havo, ado vat, hasad, xiyonat, yolg’onchilik, fitna-fasod, zulm kabi illatlarga nafrat tuyg’ulari ifodalangan.
Vaqt o’tishi bilan turli ijtimoiy ziddiyatlar, dindagi ichki g’oyaviy kurashlar natijasida soxta hadislar ham paydo bo’la boshlagan. Natijada hadis ilmi bilan shug’ullanuvchi olimlar - muhaddislar hadislarni ishonchli manbalar asosida qayta ko’rib chiqishga, ularning haqiqiylarini soxtalaridan ajratishga kirishganlar. Shunday qilib, islom olamining turli yerlarida hadis ilmining yirik targ’ibotchilari va mualliflari paydo bo’la boshladi.
Hadis ilmining rivojlanishiga, ayniqsa, bizning yurtimizdan yetishib chiqqan muhaddislar ulkan hissa qo’shishgan. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy, Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy, Abu Muhammad Abdulloh ibn Abd ar-Rahmon ad-Dorimiy as-Samarqandiy o’z umrlarini hadis to’plash va ularni o’rganishdek muqaddas ishga bag’ishlaganlar.Mashhur muhaddislar orasida Imom Buxoriy eng oldingi o’rinda turadi. Uning yozgan kitoblari ichida eng mashhuri «Al-jome’ as-sahih» (bu asar «Sahih al-Buxoriy» nomi bilan ham mashhur) asaridir. Imom Buxoriygacha o’tgan muhaddislar hadis kitoblariga barcha eshitgan hadislarini kiritar edilar. Hadislarni barcha shartlari bilan tekshirib, ularni sahih (ishonchli) yoki g’ayrisahih (ishonarsiz) qismlarga ajratmas edilar. Birinchi bo’lib bu uslubni Imom Buxoriy joriy etgan.Hadislar tuzilishiga ko’ra, yuqorida ta’kidlanganidek, ikki qismdan  hadisning mazmuni (matni) va uning sanadi (Kim tomonidan aytilganligi)dan iborat. Hadislarni bir-biridan eshitib, rivoyat qilib, avloddan avlodga qoldirib kelgan roviylar ro’yxati hadisning musnadi deyiladi. Muhammad payg’ambardan so’ng biron-bir hadis yozib olingunga qadar o’tgan vaqt ichida ushbu hadisni bir-biriga naql qilib kelgan roviylar tartibida (musnadda) uzilish bo’lmasa, bunday hadislar ishonchli hisoblangan.
 
 

  Copyright 2018 O'zr Xtv MUDRM multimedia.uz