Mumtoz adabiyot bostoni

 Alisher Navoiy

1441-1501 
 
Agar bu ulug’ zotni avliyo desak, u avliyo-larning avliyosi, mutafakkir desak, mutafak-kirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlar-ning sultonidir.
Islom Karimov
 
Har yili 9 fevral kuni butun O’zbekistonda buyuk bobokalonimiz, hazrat Alisher Navoiyning tug’ilgan kuni nishonlanadi. Barcha maktab va oliy o’quv yurtlarida, kollej hamda litseylarda va boshqa muassasalarda bu sana bayram qilinadi. Bu she’riyat bayrami, adabiyot bayramidir.
Xo’sh, nima uchun shoir bobomizga bunday ehtirom va e’zoz bildiramiz? Buning asosiy sababi shundaki, Alisher Navoiy bizning Vatanimiz tarixidagi eng ulug’ siymolardan biridir. Bu zot millatimizni dunyodagi eng madaniyatli va ma’rifatli xalqlar qatoriga olib chiqqan, jahon adabiyotining ulkan namoyandalari qatorida turadigan zotdir.
Alisher Navoiy 1441- yilning 9- fevralida Hirot shahrida tug’il-di. Bu shahar hozirda Afg’onistonning markaziy shaharlaridan. Alisherning otasining oti G’iyosiddin Muhammad edi. Uni «Kichkina bahodir» ham der ekanlar. Onasining ismi ma’lum emas.
Alisher juda kichik yoshlaridan she’r va musiqaga havas qo’yadi, olim-u shoirlar davrasida ulg’ayadi. Uning otasi temuriylar xonadoniga yaqin odamlardan edi. Ularnikiga zamonasining mashhur kishilari tez-tez kelib turar edilar.
 
Yosh Alisher uch-to’rt yoshlarida she’r yod olib, ko’plarni hayratga soldi. Besh yoshida maktabga bordi. Bo’lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga ’qidi.
1447- yilda mamlakat podshohi Shohruxmirzo vafot etib, yurtda notinchlik boshlandi. Alisherlar oilasi Iroqqa ko’chadi. Olti yoshlik Alisher yo’lda bir tasodif bilan zamonasining mashhur tarixchisi Sharafiddin Ali Yazdiyga duch keladi. Odob va muomala bilan buyuk tarixchi mehrini qozonib, duosini oladi.
 
Alisherlar xonadoni Hirotga 1451- yilda qaytadi. Yo’lda yana qiziq voqea yuz beradi. Ilgari shahardan shaharga karvonlar qatnar, bordi-keldilar shular yordamida bo’lar va ular ko’pincha tunda yurib, kunduzlari dam olar edilar. Xullas, tunda ot ustida mudrab borayotgan o’n yoshdagi Alisher egardan yiqilib tushadi, uyqu zo’ridan uyg’onmay, karvondan ajralib qoladi.
Ertalab uyg’onsa, cho’li biyobon. Nariroqda oti o’tlab turibdi. Odam zoti yo’q. Quyosh ko’tarilib kelmoqda. Bir lahza uni qo’rquv va vahima bosadi, biroq o’zini tezda qo’lga olib, yo’lga tushadi. Ko’p o’tmay, uni izlab kelayotgan o’z kishilariga duch keladi va eson-omon ota-onasi bag’riga boradi.
 
1452- yilda taxtga Abulqosim Boburmirzo chiqadi va Alisherning otasi Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi. Alisher Sabzavorda o’qishni davom ettiradi.
1452-57- yillarda u dastlab Sabzavorda, so’ng Mashhadda yashadi. She’rga, musiqaga mehri oshib bordi. Farididdin Attor, Nizomiy Ganjaviy, Shayx Sa’diy, Xusrav Dehlaviy asarlarini sevib ’qidi. Ayniqsa, Attorning «Mantiq ut-tayr» («Qush tili») kitobi yosh Alisherning xayolini tamom egallab oldi. Ota-onasi tashvishga tushib, bu kitobni bekitdilar. Lekin Alisher kitobni butunlay yod olgan edi.
Bular beiz ketmadi. Bo’lajak shoir yetti-sakkiz yoshlaridan she’r mashq qila boshladi. Ikki tilda she’r yozdi, o’zbekchalariga «Navoiy»,
forschalariga «Foniy» taxallusini qo’ydi. «Navoiy» «navo» - «kuy» so’zidan olingan, «Foniy» esa forscha «vaqtincha» ma’nolarini berar edi.
Shunday qilib, Navoiy 12 yoshlarida o’z she’rlari bilan zamona-sining eng mashhur shoirlarini hayratga soldi. Masalan, to’qson yoshlik Mavlono Lutfiy uning:
Orazin yopg’och, ko’zumdin sochilur har lahza yosh, Bo’ylakim pay do bo’lur yulduz, nihon bo’lg’och quyosh,
satrlari bilan boshlanadigan bir she’rini tinglab, qoyil qolgandi.
 
She’r chindan ham go’zal edi. Undagi xayol mislsiz edi. «Yor yuzini yopgach, ko’zimdan har lahza yosh sochiladi. Bu go’yo quyosh botganida yulduzlar pay do bo’lgani kabidir», - deb yozgan edi yoshgina shoir.
1457- yilda Abusaidmirzo taxtga chiqdi. Alisherning maktabdosh do’sti Husayn Boyqaro taxt uchun kurashga tushib ketdi. Alisher Mashhad madrasalarida o’qishni davom ettirdi.
U Hirotga 1464- yilda keladi, lekin ko’p o’tmay, Samarqandga ketishga majbur bo’ladi. Samarqandda u 1469- yilga qadar yashadi. Temuriylarning bosh shahri buyuk shoir hayotida o’chmas iz qoldirdi. Bu haqda u ko’p yozgan.
 
Nihoyat Alisherning maktabdosh do’sti Husayn Boyqaro taxtga chiqishi bilan uni Hirotga chaqirib oladi va muhrdor qilib tayinlaydi. 1472- yildan vazirlik martabasiga ko’tariladi, 1487-88- yillarda Astro-bodda hokim bo’ladi. Umrining oxiriga qadar shohning eng yaqin kishisi bo’lib qoladi. Shu yillari mamlakat osoyishtaligi, yurt obodligi yo’lida ulkan ishlar qiladi.
Alisher Navoiy umr bo’yi badiiy ijod bilan ham shug’ullandi. Yettita she’riy devon tuzdi. Nizomiy Ganjaviyning besh dostondan tarkib topgan «Panj ganj» («Besh xazina»)iga javob sifatida o’zining mashhur «Xamsa»sini yozdi. O’ndan ortiq nasriy asar yaratdi. Bu asarlar, mana besh asrdan oshibdiki, mumtoz adabiyotimizning cho ’ qqisi bo ’ lib turibdi.
Buyuk shoir 1501- yilning 3- yanvarida Hirotda vafot etdi.
 
 
«HAYRAT UL-ABROR» DOSTONIDAN O’NINCHI MAQOLAT
 
Har kishikim, tuzluk erur peshasi, Kajrav esa charx ne andeshasi.
O’qki, tuz o’ldi tayaroni aning, Bo’lsa yer egri, ne ziyoni aning?
Yo’l necha tuz, yo’lchig’a maqsad qarib, Xamlig’idin tushsa yiroq yo’q ajib.
Nay tuz uchun istar ani ahli hoi, Chun tuz emas, egri ko’rar go’shmol.
Nayza bo’lib tuzlugidin sarbaland, Chirmosh uchun bandg’a qolib kamand.
Sham’ bo’yi tuz kelib ayvon aro,
Shohidi bazm o’ldi shabiston aro.
 
Egri uchush birla chu ko’p aylanib, Qaydaki parvona borib o’rtanib.
Sarvkim, ul to’g’ri chekib qomatin, Ko’rmayin osubi xazon ofatin.
Chirmashibon sunbuli tar bog’ aro, Egrilik oning yuzin ay lab qaro.
Tuz durur egri qili to soz erur, Egri bo’lur emdiki, nosoz erur.
Bo’ldi chu mis tar xatig’a tuz raqam, Boshini olmas raqamidin qalam.
Bir xati gar egri tushar bir nuqat, Nusxada har safhadadur egri xat.
 
Rostqalam xalq erurlar salim, Egri durur xatki, emas mustaqim.
Rostdur ul kim, nazari to’g’ridur, ICim iligi egridur, ul o’g’ridur.
Bo’lsa ilik egrilik ichra samar, El ani kesmakda tuz etgay magar.
Ko’zki erur egri aning xilqati, Birni iki ko’rmak erur san’ati.
Har kishikim, istasa tuzlukka g’avr, Angladik onikim, erur ikki tavr:
Bir buki, yolg’ong’a taassuf bila, To’g’ri degay so’zni takalluf bila.
 
Yaxshidur awalg’isi xud begumon, Lek ikkinchisi ham ermas yomon.
Har kishi yolg’onni desa, lek kam, Bo’lg’ay edi kosh bu davronda ham.
Lek bu chinlikki, Haq etmish ato, Ko’rki ulus olnida uldur xato.
Ulki xato so’ziga oyin erur, Zu’mida ulkim, bu xato chin erur.
Kimki bu davronda qilur rostliq, Yo’qtur ishi g’ayri kam-u ko’stliq.
Davr chu kajlikka qilur iqtizo,
Sen tilasang rost, emastur rizo.
Egri-yu tuz vasfi muhaqqaq durur, Botil erur egri-yu tuz haq durur.
 
Sham’ki, tuzluk bila masrur erur, Garchi kuyar boshtin-ayoq nur erur.
Barqki, egrilik o’lubtur xo’yi,
Garchi yorur, lek borur yer quyi.
 
To reja chekmas yeriga bog’bon, Bog’ hamon zebda jangal hamon.
Molasiz ul tuxmki, dehqon sochar, Suvni teng ichmas necha yakson sochar.
Necha musattah esa ko’zgu yuzi, Tuz ko’runur shohidi mahro’ yuzi.
Xud yuzi garchi musayqal durur, Girdi uzor anda mutawal durur.
Tuz ko’runur mehr chu turg’on suda, Egri bo’lur ishtarak urg’on suda.
Sahv ila yolg’on demak ermas hisob, Bilgach ani chunki qilur ijtinob.
Ulki shior ayladi yolg’on demak, Bo’lmas ani er-u musulmon demak.
Nechaki jahd aylasa kozib kishi, Bir-ikki dast ilgari borg’ay ishi.
G’ofil esa xalq bu ahvoldin,
Voqif erur tengri xud ul holdin.
 
Elga necha maxfi esa bu sifat, Zohir etar yolg’on o’zin oqibat.
Kizb qilur burnog’i subh oshkor, Nurini ko’rkim, nechadur poydor...
 
kishi ont ichti sharorat bila, Kizb esa daf’ o’ldi kaforat bila.
Kimki o’zi ayladi yolg’on so’zin, Kizb, der el, chin desa, yolg’on so’zin.
Ranjg’a solg’on bu xasorat oni, Aylamas ozod kaforat oni.
Kimsaga yolg’onchi debon qolsa ot, Bu ot ila chorlasalar o’z-u yot.
Sidq xitobi ana yonmas anga, Chin desa ham, xalq inonmas anga.
Kimki chini el aro yolg’on durur,
Yolg’oni chinlikka ne imkon durur?
Necha zarurat aro qolg’on chog’i,
Chin demas ersang, dema yolg’on dog’i.

SHER BILAN DURROJ
 
В or edi bir beshada bir tund sher, Vahshat aro ’ asadidek daler.
Chun bo’lur erdi bolalab zavqnok, Mo’r bolasin qilur erdi halok.
Tishlabon ul moyayi payvandini, Og’zida asrar edi farzandini.
Bor edi durroje o’shul beshada, Sheri jay on vahmidin andeshada.
Sherki tishlab bolasin dam-badam, Beshada har yon qo’yar erdi qadam.
Yetgach aning boshi uza nogahon, Fir eta uchsa edi ul notavon.
 
Vahm ila seskanmak o’lub sher ishi, O’lturur erdi bolasig’a tishi.
Tish bila aylab bolasi yorasin, Yora etib o’z jigari porasin.
Doyim anga bu g’am aro g’am edi, G’am neki, motam uza motam edi.
Ko’ngli bu ishdin bo’lub ozorliq, Boshladi durroj bila yorliq.
Dediki: mendin sanga yo’q qasd-u kiyn, Emin o’l-u bil meni dog’i amin.
Vahmni qo’y, hamdam-u hamrozim o’l, Aysh-u tarab vaqti navosozim o’l.
Men dog’i lahnrng eshitib shod ’lay, Nag’mang ila qayg’udin ozod o’lay.
Shart bukim, yetsa gazande sanga, Solsa falak hiylasi bande sanga.
Lutf qo’lin holinga hamdast etay, Xasmni bir panja bila past etay.
Ko’rguzub ixlos ishida ixtisos, Seni aduv domidin ay lay xalos.
Sher ko’p afsun bila chun qildi jahd,
Sidq ila durroj dog’i qildi ahd.
Andoq aro yerda ayon bo’ldi mehr, Kim hasad eltur edi andin sirehr.
Qaydaki orom tutub sharza sher, Girdida durroj uchubon daler,
Boshig’a parvoz ila gardish namoy, O’yiaki sulton boshi uzra humoy.
Sher eshitib aning ilhonini, Fahm qilib savtida yolg’onini,
Der edi, yolg’on demakim shum erur, ICizb tuz el ollida mazmum erur.
Pand eshitmas edi durroji mast, Kizbdin etmas edi afg’onni past.
Bir kun aning qasdig’a bir saydgar, Hodisa domin yoyib erdi magar.
Dona bila suv sari qilg’och xirom, Tortti sayyod aning ustiga dom.
Qichqiribon dom aro ul mubtalo, Necha dedi, tot, meni ruttilo.
Sher qulog’ig’a yetib ul maqol, Savtini doyimg’idek etti xayol.
Ko’p eshitib erdi bu yolg’onini, 0’yla gumon etti chin afg’onini.
Har nechakim rost fig’on ayladi, Sidqini ham kizb gumon ayladi.
Maxlasig’a aylamadi iltifot, Toki anga munqati’ o’ldi hayot.
Har kishikim rostni bexost der, Aytsa yolg’on dog’i el rost der.
So’zda, Navoiy, ne desang, chin degil, Rost navo nag’mag’a tahsin degil.
 
O’NINCHI MAQOLAT
(Nasriy bayoni)
 
Har kim o’ziga to’g’rilikni odat qilgandan key in charxning teskari aylangani bilan uning nima ishi bor?! O’qning uchishi to’g’ri bo’lgan-dan so’ng yerning egriligining unga nima ziyoni bor?!
Yo’l qancha to’g’ri bo’lsa, maqsad shuncha yaqin, yo’l egri bolsa, maqsad uzoqlashganiga ajablanish o’rinsiz. Nay to’g’ri bo’lgani uchun so’fiylar uni yaxshi ko’rishadi; to’g’ri bo’lmasdan egri bolsa, tanbeh uchun qulog’i buraladi. Nayza to’g’ri bo’lganidan doim boshi yuqori; arqon esa chirmash bo’lgani uchun bog’lashga ishlatiladi.
Ayvonda yonayotgan shamning bo’yi to’g’ri bo’lgani sababli u kechasi qorong’ida bazmning shohidiga aylandi. Egri uchish qilib parvona ko’p aylangani uchun oxiri sham o’tiga urilib yonib ketdi. Sarvning qomati to’g’ri bo’lgani uchun xazon kulfatidan ofat ko’rmay, doim ko’m-ko’k. Bog’dagi toza sunbul har narsaga chirmashib o’sgani uchun egrilik uning yuzini qora qildi. Sozlangan torning qili to’g’ri bo’ladi; egri bo’ldimi, sozlanmagani.
 
Mistarning chizig’iga yozuv to’g’ri kela bergach, qalam boshini ’tarmasdan yozgani yozgan. Uning bitta chizig’i egri bo’lsa, xatga bitta dog’ tushadi; ’chirilayotgan nusxada esa har sahifada qiyshiq xat bo’ladi.
Xatni to’g’ri yozadigan kishilar haqiqiy sog’lom kishilardir; xat agar egri yozilgan bo’lsa, demak, yozgan odam ham to’g’ri emas. Kimning qarashi to’g’ri bo’lsa, o’sha haq. Kimning qo’li egri bo’lsa, o’zi ham o’g’ri bo’ladi. Kimki qo’li egrilik bilan foyda topgan bo’lsa, xalq uning qo’lini kesib to’g’ri qiladi.
Ko’z tug’ilishidan egri bo’lsa, uning odati bittani ikkita qilib ko’rsatishdir.
Kimki to’g’rilik yo’lini bilmoqchi bo’lsa, bilsinki, bu ikki xil
 
 
bo’ladi. Biri shuki, kishining so’zi to’g’ri bo’lsa, uning so’zi bilan birga o’zi ham to’g’ri bo’lishi kerak. Yana biri shuki, yolg’on gapni ba’zilar taassuf bilan, uyalganidan «To’g’ri!» deydi. Oldingisi, hech shubhasiz, yaxshi, lekin ikkinchisi ham yomon emas. Kishi yolg’onni gapirsa ham kam gapirsa! Qani endi shunday odam bizning zamonda ham topilsa.
Lekin odamlarga Xudoning o’zi ato qilgan bu to’g’rilik, qara, ularning oldida xato bo’lib ko’rinadi. So’zlashda xato gapirishga o’rgangan odam noto’g’ri fikrni to’g’ri deb gumon qiladi. Kimki bu davrda to’g’ri gapirishga odatlangan bo’lsa, u kambag’allik, yetishmovchilikdan boshqa narsani bilmaydi. Bu davr istagi egrilik bo’lgani uchun sen haqiqatni talab qilsang, unga yoqmaysan.
 
Egrilikning ham, to’g’rilikning ham o’z haqiqiy ta’rifi bor: yolg’on egrilikdan, to’g’rilik haqiqatdan iboratdir. Sham o’z to’g’riligi bilan xursand; boshdan oyoq kuysa ham, u nurga aylanadi. Yashin egrilikni odat qilgan bo’lib, hamma yoqni yoritsa-da, yerning ostiga kiradi. Bog’bon o’z yeriga reja tortmas ekan, bog’ning ko’rinishi changalzor-ning ko’rinishiga o’xshab qoladi. Dehqon agar mola bosmasdan urug’ sochsa, qancha bir xil sochmasin, ekini, baribir, suvni tekis ichmaydi. Oynaning yuzi qancha tekis bo’lsa, oy yuzlining yuzi ham shuncha to’g’ri ko’rinadi. Temir qalpoqning yuzi qancha sayqallangan bo’lma-sin, yuzning tasviri unda cho’zilgan holda aks etadi. Sokin turgan suvda quyosh to’g’ri aks etadi, chayqalgan suvda esa egri ko’rinadi. Xato bilan yolg’on gapirish hisobga kirmaydi, chunki uning yolg’onligi bilingach, undan qochiladi.
 
Kimki yolg’on gapirishni odat qilgan bo’lsa, uni er kishi-yu musulmon deb bo’lmaydi. Yolg’onchi o’z gapini o’tkazish uchun qancha urinmasin, u o’z gapini bir-ikki marta o’tkaza oladi, xolos. Uning bu ishidan xalq g’ofil bo’lsa ham, lekin tangri o’zi bu holdan voqif. Bu xususiyat elga qancha maxfiy bo’lmasin, yolg’on baribir o’zini oxirida ma’lum qiladi. Yolg’on tong o’zini qancha oshkor qilsa ham, uning nurlari, kuzat, baribir uzoq turmaydi... Kimki qizishib turib ont ichgan bo’lsa, onti yolg’on bo’lsa, aybi yuvilib ketadi. Kimki o’zini yolg’onchi sifatida tanitgan bo’lsa, rost gapirsa ham, xalq uning hamma gapini yolg’on hisoblaydi. Bu xususiyat uni doim qiynoqda saqlaydi. Hech narsa bilan u bu qiynoqdan qutula olmaydi. Kimki yolg’onchi deb nom chiqargan bo’lsa, o’zinikilar ham, begonalar ham uni shu ot bilan chaqirar ekanlar, to’g’rilik nomi unga hech qaytib kelmaydi. Rost gapirsa ham xalq unga inonmaydi. Kimning chin gapi el orasida yolg’on deb topilar ekan, yolg’onni chinga aylantirish imkoni bormi?!
 
Qanday bir majburiy sharoitda qolganingda ham, chin so’zni gapirishning iloji bo’lmasa, yolg’onni ham gapirma.
 
SHER BILAN DURROJ (Nasriy bayoni)
 
To’qayda bir yirtqich sher bor edi. Vahshatda osmon sheridek qo’rqmas edi. U har safar bolalaganda zavqqa to’lar, biroq chumolilar uning bolasini talab o’ldirishardi. Shuning uchun u o’zining ajralmas bu boyligi  farzandini og’zida tishlab asrar edi.
 
O’sha to’qayda bir durroj ham bo’lib, bu yirtqich sherning vahmidan doim qo’rquvda edi. Sher bo’lsa bolasini og’zida tishlab, dam-badam to’qayning goh u yog’iga borardi, goh bu yog’iga. Sher durroj pusib yotgan joyga borib qolsa, bu notavon pirr etib uchar, sher qo’rqqanidan seskanib ketar, bolasiga ham tishi botib ketardi. Tishi bilan o’z bolasini, o’z jigarporasini yarador qilardi.
Doim unga shu g’am ichida g’am, g’am emas, motam ustiga motam edi. Bu tashvishdan ko’ngli ozor topib, u durroj bilan o’rtoq bo’la boshladi. U dedi:
- Mening senga hech qasdim, dushmanligim yo’q. Xotirjam bo’lib, meni o’zingga ishonchli do’st deb bil. Qo’rqishni yig’ishtir, ham-damim, sirdoshim bo’l; aysh va xursandlik vaqtida birga kuylasha-diganim bo’l.  Men ham sening kuylaringni  eshitib, shod bo’lay;
 
nag’malaring bilan qayg’udan ozod bo’lay. Shart shuki, senga bir zi-yon yetsa, falak seni hiyla bilan bandga solsa, marhamat qo’lini senga yordam uchun cho’zay, bitta panjam bilan dushmanni yerga barobar qilay. Sadoqat masalasida o’zimni ko’rsatib, seni dushman tuzog’idan xalos aylay.
Sher ko’p sehr bilan (o’z fikrini tushuntirishga) tirishdi, ham sadoqatli bo’lishga ahd qildi. Oralarida bir-birlariga shunday muhabbat paydo bo’ldiki, bunga osmonning o’zi ham hasad qilardi. Qayerda yirtqich sher dam olib yotsa, atrofida durroj bemalol uchib yurardi. Sultonning tepasida humo qushi aylanganday, sher boshida durroj aylanib parvoz qilardi.
 
Sher uning sayrashini eshitib, kuyida yolg’on borligini fahm qilib, der edi:
- Yolg’on gapirma, yomon bo’ladi. To’g’rilar oldida yolg’on qoralanadi.
Durroj pandni eshitmas, o’zi bilan o’zi mast, ataylab fig’onini hech pasaytirmas edi.
Bir kun bir ovchi uni tutish uchun o’z tuzog’ini yoygan edi, u don bilan suvni ’rib, uning oldiga borgach, ovchi uning ustiga tuzoqni tortdi. Tuzoqda u baxtsiz qichqirib, bir necha bor: «Dod, meni tutdilar!»- dedi.
 
Bu so’z sher qulog’iga eshitildi, lekin uning bu ashulasini har galgidek yolg’on deb o’yladi. Bunaqa yolg’onlarini ko’p eshitgani uchun chin afg’onini ham yolg’on deb gumon qildi. Qancha u rostakamiga qichqirmasin, rostini ham yolg’on deb hisobladi. Uni qutqarish uchun iltifot ko’rsatmadi; natijada uning hayoti qirqildi. Kimki xohlamasa ham rost gapirsa, yolg’on gapirganida ham xalq uni rost deydi.
So’zda, Navoiy, nima desang ham rostni gapir; rostni kuylagan ohanglarga tahsin ayt.
 
«HAYRAT UL-ABROR» DOSTONIDA TO’G’RILIKVA EGRILIK TO’G’RISIDA
 
Alisher Navoiyning «Xamsa» asariga kirgan birinchi doston «Hayrat ul-abror», ya’ni «Yaxshi kishilarning hayratlanishi» deb nomlanadi.
Mazkur doston 63 bob, 20 ta maqolatdan tashkil topgan. Har bir maqolat bir mavzuga bag’ishlangan bo’lib, shoir, awalo, o’quvchini bu mavzu bilan tanishtiradi. So’ngra o’sha mavzuga munosabat bil-dirib, uni har jihatdan tasvirlaydi. O’quvchining tasawurlari aniq bo’lishi uchun juda ko’p qiyoslar, obrazli o’xshatmalar keltiradi va eng so’ngida mavzuga mutanosib ibratli hikoyat bayon qiladi.
Biz ko’rib o’tmoqchi bo’lgan o’ninchi maqolat ham xuddi shunday qurilishga ega. Dostonning bu maqolati rostlik, to’g’rilik tushunchalariga bag’ishlangan.
 
Bobomiz har bir inson o’ziga to’g’rilikni odat qilmog’i haqida so’z yuritarkan, turli narsa va hodisalarning, kundalik turmushda ishlatiladian juda ko’p buyum va jihozlarning to’g’ri va egri xususiyatlarini solishtiradi. Masalan, biron manzilga bormoqchi bo’lsangiz, o’sha yerga eltuvchi to’g’ri yo’l bo’lsa-yu, siz aylanma yo’ldan yursangiz, albatta manzilga kechroq yetasiz. Sham o’zi to’g’ri bo’lgani holda, uni tikka qo’yib yondirasiz. Atrofga shu’la sochib, kishilarga uzoq vaqt yorug’lik beradi. Shuning uchun ham u kerakli narsa sifatida e’zozlanadi, ehtiyot qilinadi. Shu’laga intilgan parvona maydagina kapalak uning atrofida aylanib, egri harakatlar qilgani uchun o’sha shu’laga urilib yonib ketadi. Yoki rubob, dutor, tor kabi cholg’ularga e’tibor qilsangiz, cholg’uchilar ulardan yoqimli kuylar chiqarish uchun sozlab olishadi. Ya’ni torni tarang tortishadi. Tor egri holatda tursa, cholg’u sozlanmagan bo’ladi, demak unda kuyni yaxshi ijro etib bo’lmaydi. Shoir bu qiyos orqali odamlar to’g’ri yurib, to’g’ri ish tutsalar, o’zgalarga ham, o’zlariga ham foyda keltiradilar; ulardan manfaat ’rgan kishilarning hurmatini qozonadilar; qayerda bo’lmasin, izzat ko’radilar, deydi. Aksincha, to’g’ri ish yuritmay, biror yomon g’araz bilan har xil aylanma, egri harakatlar qilsalar, ularning holi voy, xuddi parvonadek kuyib-yonib qoladilar. Egrilik borib-borib har xil yomon illatlarga yetaklaydi. Fikri egri bo’lgan, Xudodan, qonundan qo’rqmaydigan odam hamma ishni o’zim xohlaganimcha qilaverishim mumkin, deb hisoblaydi. Birovlarning narsasiga, molmulkiga ko’z tikadi, o’g’rilikdan hayiqmaydi.
 
Islom dini aqidalari bilan yashagan davlatlarda qadim zamonlardanoq qo’H egri, o’g’ri odamlarning qo’lini kesib, jazolashgan. Navoiy bobomiz yashagan davrda ham shunday tartib hukmron bo’lgan. Shoir dostonda ana shu jazo usulini nazarda tutib, xalq qo’li egri odamlarning qo’lini kesib «to’g’rilaydi», deydi. Kimki to’g’rilik yo’li qanday ekanligini bilmoqchi bo’lsa, bu yo’l ikki xil bo’ladi, deb aytadi. Birinchisi, to’g’ri so’z odam. Agar u to’g’ri so’zli bo’lsa, uning ishi, o’zi ham to’g’ri bo’lishi kerak. Ikkinchi toifa kishilar andisha bilan, betgachoparlik qila olmay, «to’g’ri» deguvchilardir. Navoiy birinchi toifani to’liq ma’qullagan holda, ikkinchisi ham «yomon emas» deya inkor qilmaydi. Chunki bunday kishilar asli egri maqsadlilar emas. Ular yaxshilik ’zlab, murosa-madora ma’nosida, azbaroyi ezgu niyatda yolg’onni «to’g’ri» deydilar. Albatta, iloji boricha yolg’onni gapirmagan ma’qui. Ammo sharoit majbur etsa, toza ko’ngilda ish bitmog’i uchun yolg’onni tasdiqlash ayb emas. Shu o’rinda shoir o’z zamonasidan biroz noliydi. Odamlar rostgo’ylikdan chekinayotgani, yolg’on yashiq kuchayib ketayotganidan xavfsiraydi. Xudoning buyurgan amallari, to’g’ri deb bandalariga ko’rsatgan yo’riqlarini noto’g’ri tushunuvchilar bor. Xato gapirishga o’rgangan odam noto’g’ri fikrni to’g’ri deb qabul qiladi.
 
Shundanmi, shoir o’z atrofini qamragan odamlardan to’g’ri, rost gapirgani qashshoqlik, yetishmovchilikdan boshqa narsani bilmaydi, deydi. Barcha jamoa istagi egrilik bo’lsa, sen o’z haqligingni isbotlashga har qancha urinma, baribir hech narsa qilolmaysan hamda ularga yoqmaysan. Zero, egrilikning ham, to’g’rilikning ham o’z ta’rifi bor. Egrilik yolg’ondan paydo bo’ladi, to’g’rilik haqiqatdan. Demak, muallif, yolg’on so’zlash, yolg’on harakat qilish egrilikka olib keladi, deb hisoblaydi. So’zining isboti uchun bog’bon va dehqonning ishini misol keltiradi. Bog’bon yaratajak bog’ini reja bo’yicha, ya’ni daraxtlami bir tartibda ekib, parvarish qilmasa, har yerda tarvaqaylab, qiyshiq-qing’ir o’sgan daraxtlar bog’ni changalzorga aylantiradi. Dehqon esa urug’ sochadigan yerini shudgor qilib, so’ng mola bosmasa, ya’ni tekis qilib olmasa, sochgan urug’i bir xilda unib chiqmaydi. Chunki notekis yerda ekinlar bir xil
sug’orilmaydi. Ba’zi joylarga suv ko’proq tushadi, ba’zi joylarga esa kamroq. Xuddi quyosh ham sokin turgan suvda to’g’ri va to’la aks etsa, chayqalgan suvda nurlar sinib egri ko’ringandek. Demak, hamma tirik jonzot batartiblikdan, reja va to’g’ri parvarishdan quwat olsa, nega insonlar shulardan o’rnak olmaydi?! Yolg’on gapiradi va egri yuradi. Agar bilmagan holda yolg’on so’zlansa, so’ng bilgach, undan qochilsa, buni ayb deb bo’lmaydi. Chunki o’sha odam baribir to’g’ri yo’lga tu-shib oladi-da. Bu bilan hazrat Navoiy inson hayotda adashishi, chalg’ib qolishi mumkin; lekin vaqti bilan o’z xatosini anglasa va bundan afsuslanib, uni tuzatishga urinsa, u holat kechiriladi, deb tushuntiradi.
 
Ammo yolg’on gapirish odatga aylangan bo’lsa, mana bu yomon, kechirilmaydigan gunoh. Agar majbur bo’lib qolganingda ham rost gapni aytishning iloji bo’lmasa, yolg’onni ham gapirma, deydi. Shu tariqa yolg’onning kishilar tabiatidagi yaramas va badbin illatligini, uning oqibatlarini qator qiyos-u o’xshatishlar bilan qoralab kelib, muallif, asar badiiy qurilmasiga ko’ra bu o’rinda ham majoziy bir hikoyatga murojaat qiladi. Ya’ni «Sher bilan durroj» haqidagi ramziy rivoyatni keltirib, o’z fikrlarini yanada ta’sirliroq bo’lishiga erishadi.
 
Savol va topshiriqlar


http://adabiyot.uzedu.uz (http://adabiyot.uzedu.uz)

URL : http://adabiyot.uzedu.uz/uzb/mumtozadabiyotbostoni.html